2015-2020 yillar sayti

Yangiliklar

Yevropa Ittifoqining 2-ta'lim ko‘rgazmasi Toshkent, Samarqand va Namanganda o‘tkaziladi

577
Yevropa Ittifoqining 2-ta'lim ko‘rgazmasi Toshkent, Samarqand va Namanganda o‘tkaziladi

Yevropa Ittifoqi ta'lim ko‘rgazmasi O‘zbekistonga Yevropaning yetakchi universitetlarini va xalqaro akademik tashkilotlarini jalb qilmoqda.

5 oktabr, 2023, Toshkent. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va Erasmus+ milliy ofisi tomonidan tashkil etilgan 2- ta'lim ko‘rgazmasi Yevropaning qator yetakchi universitetlari va xalqaro akademik tashkilotlarini taqdim etadi. Universitetlar vakillari Toshkent, Samarqand va Namanganda potensial talabalar bilan uchrashadilar.

Yevropa Ittifoqi ta'lim ko‘rgazmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi va mahalliy OTMlar ko‘magida o‘tkaziladi.

“Yevropa Ittifoqi ilg‘or ta'lim va tadqiqot markazi sifatida mashhur. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida dunyoning yetakchi universitatlari joylashgan, bu uni global oliy ta'lim bozorida muhim ishtirokchiga aylantiradi, u o‘zbekistonlik talabalarni quchoq ochib kutib oladi. O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi uning iqtidorli yoshlariga bog‘liq. Ta'lim shaxsiyat rivojlanishi uchun muhim poydevorni tashkil qiladi. Yevropa Ittifoqi universitetlarida olingan oliy ta'lim global bilim va ko'nikmalarni yaratadi, ular bitiruvchilar o'z vatanlariga qaytganlaridan so'ng, butun mamlakat taraqqiyotiga albatta hissa qo'shadilar”, - deya, e’tirof etdi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

Yevropa Ittifoqining bir qancha mamlakatlari, jumladan Belgiya, Bolgariya, Chexiya, Fransiya, Germaniya, Ruminiya va Ispaniya o‘zlarining balakavriat, magistratura va aspirantura dasturlarini taqdim etadilar. Fransiya (Campus France), Chexiya (DZS) va Germaniya (DAAD) milliy agentliklari o‘z mamlakatlarida ta'lim olishning keng imkoniyatlarini namoyish etadilar.

Tadbirda o‘zlarining akademik yutuqlari bilan mashhur Buxarest universiteti va Berlin Erkin universiteti kabi muassasalar qatnashadi. Ko‘rgazma tufayli yuqori sinflar o‘quvchilari va universitetlar talabalari Yevropa Ittifoqining ilg‘or ta'lim imkoniyatlari haqida ko‘proq xabardor bo‘lish imkonini qo‘lga kiritadilar.

Erasmus+ning 2024 yil uchun navbatdagi arizalar qabul qilishi arafasida Yevropa Ittifoqi va mahalliy universitetlar Erasmus+ loyihalari doirasida institutsional hamkorlikni o‘rganadilar. Erasmus+ individual stipendiyalari, shuningdek Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar milliy stipendiyalari to‘g‘risidagi axborot yoshlar e'tiborini jalb qiladi.

Yevropa jamoasi (Team Europe) ko‘magida o‘tkaziladigan Yevropa Ittifoqi ta'lim ko‘rgazmasi butun umr davomida ta'lim olishga alohida e'tibor berib, “Yevropa ko‘nikmalar yili”ning g‘oyalarini aks ettiradi. Bundan tashqari, u O‘zbekistonda ko‘nikmalar rivojlanishi va yuqori sifatli ta'limga ko‘maklashishga umumiy sadoqatning ramzi bo‘lmish “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” bilan uyg‘unlashadi. Tadbir hamtashkilotchilari Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlardir.                               

 

Ish jadvali: sana va vaqt

 

9 oktabr, Toshkent

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti

11.00–17.00

 

11 oktabr, Samarqand

“Ipak yo‘li” Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti

10.00–17.00

 

13 oktabr,

Namangan,

To‘raqo‘rg‘on tumani, mini-ko‘rgazma

Namangan davlat chet tillar instituti huzuridagi Namangan madaniyat markazi

10.00–17.00

 

Kirish bepul.

 

Erasmus+ to‘g‘risida

Yevropa komissiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan Erasmus+ dasturi Yevropa OTMlari va butun dunyodagi, jumladan Markaziy Osiyodagi hamkor mamlakatlar OTMlarining qo‘shma loyihalarini moliyalashtirish orqali oliy ta'lim tizimlarini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekistonda Erasmus+ dasturi oliy ta'lim sohasidagi loyihalar, hamkorlik va mobillikni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekistondagi Erasmus+ milliy ofisi faoliyati mamlakatda Erasmus+ dasturining talabgirligi, samaradorligi va ta'sirini oshirishga qaratilgan.

Sayt: www.erasmus.uz

 

Manba: https://www.eeas.europa.eu/delegations/uzbekistan/yevropa-ittifoqining-2-talim-ko‘rgazmasi-toshkent-samarqand-va-namanganda-o‘tkaziladi_uz?s=233

 

Key Action 1: Learning Mobility of Individuals

Key Action 2: Cooperation among organisations and institutions

Key Action 3

Jean Monnet Actions

Bizning hamkorlarimiz