Yangiliklar
Olmaotada o‘tkazilgan EPU Bosh Assambleyasi va Erasmus+ hamkorlik seminari - 2026
2026-yil 8-oktabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetida bo‘lib o‘tgan EPU Bosh Assambleyasi va Erasmus+ hamkorlik seminarida Namangan davlat texnika universiteti (NamDTU) Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori hamda Erasmus+ Oliy ta’lim islohotlari bo‘yicha ekspertlar milliy guruhi (HEREs) a’zosi Ilhomjon Abdurahmanov ishtirok etdi.

Seminar davomida u “Erasmus+ dasturining oliy ta’limdagi milliy va mintaqaviy rivojlanishga ta’siri” mavzusida ma’ruza qildi. Unda xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish, universitetlar o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni mustahkamlash hamda ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida yangi imkoniyatlar yaratishda Erasmus+ dasturining tutgan o‘rni yoritildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan xalqaro panel muhokamasida Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi Erasmus+ milliy ofislari vakillari, shuningdek, Zalsburg universiteti professori qatnashdi. Muhokamalarda oliy ta’lim tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro loyihalar samaradorligini oshirish va mintaqaviy akademik integratsiyani rivojlantirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

HEREs vakilining xalqaro ekspert sifatidagi ishtiroki O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar tajribasini xalqaro miqyosda namoyon etish hamda universitetning global akademik hamkorlik aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
