Yangiliklar
Toshkentda barqaror rivojlanish va Yashil kelishuv yo‘nalishidagi Erasmus+ CBHE loyihalarining tematik klaster uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 22-oktabr kuni Toshkent shahridagi Kimyo xalqaro universitetida “Barqaror rivojlanish: Yashil kelishuv (Green Deal)” yo‘nalishidagi Erasmus+ Oliy ta’limda salohiyatni oshirish (CBHE) loyihalarining tematik klaster uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Erasmus+ CBHE loyihalari vakillari, oliy ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari, xalqaro hamkorlar va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashdilar, loyihalar doirasida erishilgan natijalarni taqdim etdilar hamda kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Klaster uchrashuvi Toshkent shahridagi Kimyo xalqaro universiteti rektori, professor Akmal Allakuliev; Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasining qishloq xo‘jaligi sektori bo‘yicha dastur menejeri Roberto Aparicio; O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ekologik diplomatiya va yashil iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Behruz Mirzayev hamda O‘zbekistondagi Erasmus+ milliy ofisi koordinatori Aziza Aburakhmanovaning kirish so‘zlari bilan boshlandi.

Klaster uchrashuvida quyidagi asosiy masalalar muhokama qilindi:
-
Erasmus+ CBHE loyihalarining individual, institutsional, milliy va mintaqaviy darajadagi ta’siri;
-
Tematik ko‘rgazmalar orqali namoyish etilgan loyiha natijalari va innovatsion yondashuvlar;
-
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik hamda universitetlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi sheriklik;
-
Grant muddati yakunlanganidan keyin ham loyiha natijalarining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash;
-
Erasmus+ va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan boshqa tashabbuslar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari. Jumladan, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilayotgan “Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi hamda Yevropa Ittifoqining Horizon Europe dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan TiBeRIUM – “Yevropa barqarorligi va mineral resurslardan innovatsion foydalanish uchun titan va berilliy” loyihasi taqdim etildi.
Qirg‘iz Respublikasidagi Erasmus+ dasturining milliy koordinatori Gulnara Isaeva klaster uchrashuvida onlayn ishtirok etib, “Qirg‘iz Respublikasidagi Erasmus+ CBHE loyihalari: Markaziy Osiyo bilan birgalikda yashil salohiyatni rivojlantirish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Unda yashil rivojlanish yo‘nalishida salohiyatni oshirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati yoritildi.

Dastur doirasida Nukus davlat texnika universiteti professori, Erasmus+ Oliy ta’lim islohotlari bo‘yicha milliy ekspertlar jamoasi (HEREs) a’zosi hamda Erasmus+ CBHE MECAS loyihasi koordinatori Asiya Tureniyazova boshchiligida interaktiv seminar ham tashkil etildi. Seminar davomida loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammolar va ularga amaliy yechimlar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Milliy ta’sir tadqiqoti (National Impact Study – NIS) jamoasi ham klaster uchrashuvida ishtirok etib, O‘zbekistonda Erasmus+ dasturining ta’sirini baholash bo‘yicha olib borilayotgan milliy tadqiqotni taqdim etdi. Tadqiqotning asosiy maqsadlari hamda Erasmus+ dasturining mamlakatdagi ta’sirini baholashga qo‘shishi kutilayotgan hissasi haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv doirasida GREENDT, SPHERE, GDCAU va GreenEngine kabi Erasmus+ CBHE loyihalari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Xavfli kimyoviy moddalarni samarali boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasining natijalari va yutuqlariga bag‘ishlangan tematik ko‘rgazmalar tashkil etildi. Ishtirokchilar Art Engineering 2026 ko‘rgazmasida namoyish etilgan GreenEngine loyihasining amaliy ishlanmalari va qurilmalari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur klaster uchrashuvi Erasmus+ CBHE loyihalarining O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyo mintaqasida oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda yashil transformatsiyani rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini muhokama qilish, erishilgan natijalarni sarhisob qilish va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.