2015-2020 yillar sayti

Yangiliklar

Buxoro davlat universitetida Erasmus+ LESLIE loyihasining yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

29
Buxoro davlat universitetida Erasmus+ LESLIE loyihasining yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 19–20-oktabr kunlari Buxoro davlat universitetida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilgan CBHE-  LESLIE xalqaro loyihasining yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. “Yer boshqaruvi, atrof-muhit va chiqindilar: Markaziy Osiyoda ta’lim va biznes uyg‘unligi” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman loyihaning uch yillik faoliyati davomida erishilgan natijalarni sarhisob qilish hamda ekologik barqarorlik va ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Konferensiyada O‘zbekiston, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Kipr va boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalari vakillari, olimlar, xalqaro ekspertlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumanning yalpi majlisida Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Jasurbek Abdullayev, Valensiya politexnika universiteti professori va LESLIE loyihasi koordinatori Javier Rodrigo Ilarri ishtirok etdi.

Konferensiya davomida Kassino va Janubiy Latsio universiteti professori Alessandro Figus, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Raxmonov, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti professori Zhanar Shortanbayeva, Kipr universiteti professori Eleni Christodoulou Toxqui, Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti professori Raushan Nurdillayeva hamda Ualixanov universiteti professori Khava Yevloyeva o‘z ilmiy ma’ruzalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Anjumanda yer resurslarini barqaror boshqarish va geografik axborot tizimlaridan (GIS) foydalanish, atrof-muhit muhofazasi, iqlim o‘zgarishi, chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyot masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ekologik yondashuvlarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish hamda ta’lim, ilm-fan va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

LESLIE loyihasi doirasida erishilgan muhim natijalardan biri sifatida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti tomonidan “Land Management in Central Asia” nomli yangi o‘quv dasturi ishlab chiqilgani qayd etildi. Loyiha koordinatori Javier Rodrigo Ilarri universitetning uch yillik loyiha davomida amalga oshirgan faoliyatini alohida e’tirof etdi.

Universitetning loyiha koordinatori Sherzod Raxmonov o‘z chiqishida LESLIE loyihasi ta’lim va ilmiy salohiyatni rivojlantirish bilan bir qatorda, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda yangi xalqaro sherikliklarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim imkoniyat yaratganini ta’kidladi. Konferensiyada universitetning loyiha menejeri I. Bozarov ham faol ishtirok etdi.

Erasmus+ LESLIE loyihasining yakuniy konferensiyasi loyiha natijalarini taqdim etish, xalqaro tajriba almashish, Markaziy Osiyoda ekologik muammolarga innovatsion yechimlarni muhokama qilish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Key Action 1: Learning Mobility of Individuals

Key Action 2: Cooperation among organisations and institutions

Key Action 3

Jean Monnet Actions

Bizning hamkorlarimiz