2015-2020 yillar sayti

Yangiliklar

Farg‘ona davlat universitetida Erasmus+ dasturi imkoniyatlariga bag‘ishlangan axborot seminari bo‘lib o‘tdi

6
Farg‘ona davlat universitetida Erasmus+ dasturi imkoniyatlariga bag‘ishlangan axborot seminari bo‘lib o‘tdi

2026-yil 17-oktabr kuni Farg‘ona davlat universitetida Erasmus+ dasturi imkoniyatlariga bag‘ishlangan axborot seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarning asosiy maqsadi talabalar va oliy ta’lim muassasalari xodimlarini Erasmus+ dasturi doirasidagi xalqaro grantlar, akademik mobillik, hamkorlik loyihalari, ishtirok etish mezonlari hamda ariza topshirish tartiblari bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, tadbir davomida Study in Europe tashabbusi doirasida Yevropada ta’lim olish imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir Farg‘ona davlat universiteti rektori professor Bahodirjon Shermuhammadov hamda O‘zbekistondagi Milliy Erasmus+ ofisi loyiha menejeri Mahmudjon O‘tkurovning kirish va tabrik so‘zlari bilan boshlandi.

Seminar davomida Mahmudjon O‘tkurov Erasmus+ dasturining O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun mavjud imkoniyatlari, jumladan, Oliy ta’limda salohiyatni oshirish (CBHE), Xalqaro kredit mobilligi (ICM) va Jean Monnet faoliyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Horizon Europe dasturi doirasidagi Marie Skłodowska-Curie Actions imkoniyatlari ham tanishtirildi.

Farg‘ona davlat universitetining Buxgalteriya hisobi va moliya kafedrasi dotsenti Abduraxmon Asraqulov universitetda amalga oshirilgan loyihalar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Innovatsion texnologiyalar universiteti prorektori professor Jahongir G‘ofurov “Qanday qilib Erasmus+ loyihasini ishlab chiqish mumkin?” mavzusida ma’ruza qildi. U Erasmus+ CBHE dasturi doirasidagi REILEAP va Text4Future loyihalarining natijalari, shuningdek, 2026-yilgi Erasmus+ CBHE tanlovi doirasidagi Food4FUTURE va GREENTEX loyihalaridan kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Seminarning keyingi qismida Mahmudjon O‘tkurov talabalar uchun Erasmus Mundus qo‘shma magistratura dasturlari (EMJM) va Xalqaro kredit mobilligi (ICM) imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. Unda Yevropa universitetlarida tahsil olish, xalqaro akademik mobillik dasturlarida ishtirok etish hamda mavjud grant imkoniyatlaridan foydalanish masalalari yoritildi.

Shuningdek, Farg‘ona davlat texnika universiteti Xalqaro bo‘limi mutaxassisi Mukhibilloh Abdurahimov o‘z universiteti misolida Erasmus+ CBHE loyihalarini amalga oshirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir yakunida savol-javob sessiyasi tashkil etilib, ishtirokchilar Erasmus+ loyihalarini ishlab chiqish, xalqaro grantlarda qatnashish va akademik mobillik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.

Mazkur axborot seminari Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari vakillari va talabalarning Erasmus+ dasturi haqidagi bilimlarini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi loyiha tashabbuslarini ilgari surish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Key Action 1: Learning Mobility of Individuals

Key Action 2: Cooperation among organisations and institutions

Key Action 3

Jean Monnet Actions

Bizning hamkorlarimiz