Yangiliklar
ERASMUS+ XALQARO KUNLARI — 2026: JIZZAX POLITEXNIKA INSTITUTIDA AXBOROT SEMINARI BO‘LIB O‘TDI
2026-yil 14-oktabr kuni Erasmus+ International Days 2026 haftaligi doirasida Jizzax politexnika institutida Erasmus+ dasturi imkoniyatlariga bag‘ishlangan axborot seminari onlayn formatda tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi talaba-yoshlar va oliy ta’lim muassasalari xodimlarini Erasmus+ dasturi doirasidagi xalqaro grantlar, akademik mobillik va hamkorlik loyihalari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Seminar davomida Jizzax politexnika institutining Erasmus+ dasturi doirasidagi TRIGGER, REILEAP, DEBSEUz, TEX4FUTURE va GREENDT xalqaro loyihalari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, 2026-yilgi Erasmus+ CBHE tanlovida moliyalashtirish uchun tanlangan UzEcoDigiT loyihasida institut grant oluvchi tashkilot va loyihaning umumiy koordinatori ekanligi, loyiha maqsadlari hamda undan kutilayotgan natijalar yoritildi. Bundan tashqari, FOOD4FUTURE va GreenTex loyihalarida institut hamkor tashkilot sifatida ishtirok etayotgani ta’kidlandi. Tadbir davomida CBHE, ICM, Jean Monnet, Erasmus Mundus hamda SPHERE yo‘nalishlari, loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari va ariza topshirish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Yevropada ta’lim olish imkoniyatlari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur seminar oliy ta’lim muassasalari vakillarining Erasmus+ dasturi haqidagi bilimlarini kengaytirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash hamda yangi hamkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.