Yangiliklar
O‘ZBEKISTON VAKILLARI SPHERE TADBIRLARIDA ISHTIROK ETDI
14–15 sentabr kunlari Ruminiyaning Buxarest shahrida oliy ta’lim sohasidagi islohotlar va rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan SPHERE Seminar hamda SPHERE Bologna Process Symposium tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlar National University of Science and Technology POLITEHNICA Bucharest universitetida tashkil etilib, unda Oliy taʼlimni isloh qilish ekspertlari jamoasidan (HEREs) — Namangan davlat texnika universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Ilhom Abdurahmanov va Andijon Davlat Texnika Instituti katta o‘qituvchisi Javlonbek Raxmatillayev, O‘zbekistondagi Milliy Erasmus+ Ofisidan (NEO) esa Mahmudjon O‘tkurov hamda oliy ta’lim sohasidagi xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.

Seminarning birinchi kuni doirasida:
- oliy ta’limda ko‘nikmalarni rivojlantirish;
- o‘quv natijalari va kompetensiyalar;
- raqamli va AI ko‘nikmalari;
- ta’lim va o‘qitishga institutsional yondashuvlar kabi mavzular muhokama qilinmoqda.
15-sentabrdagi Bologna Process Symposium esa Yevropa oliy ta’lim hududidagi islohotlar, inklyuzivlik, tenglik va xilma-xillik, oliy ta’lim siyosatini amalga oshirish hamda Bologna Process doirasidagi yangi jarayonlarga bag‘ishlangan. Tadbir ishtirokchilarga o‘z mamlakatlari va oliy ta’lim muassasalaridagi tajribalar bilan almashish imkonini bermoqda.

Bunday xalqaro platformalar tajriba almashish, yangi yondashuvlarni o‘rganish va oliy ta’lim rivoji yo‘lida hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat yaratadi.
