Yangiliklar
Xalqaro loyihaning yakuniy anjumani muvaffaqiyatli yakunlandi
2026-yil 26–29-iyun kunlari Bolgariyaning Neofit Rilski Janubiy-G‘arbiy Universitetida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ KA220-HED dasturi doirasidagi “Oliy ta’limda innovatsion STEM strategiyalarini integratsiya qilish bo‘yicha magistratura dasturi” xalqaro loyihasining yakuniy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjumanda Toshkent kimyo-texnologiya instituti professori, loyiha koordinatori Babaxanova Zebo Abdullayevna faol ishtirok etdi.
Anjuman davomida loyiha doirasida erishilgan muhim natijalar taqdim etildi. Jumladan:
- “STEM integratsiyalashgan magistratura” dasturining 1- va 2-yillik o‘quv rejalari;
- innovatsion raqamli ta’lim platformasi;
- 36 ta fan bo‘yicha xalqaro hamkorlik asosida yaratilgan raqamli ta’lim kontenti namoyish etildi.

Loyiha hamkorlari:
- Neofit Rilski Janubiy-G‘arbiy Universiteti (Bolgariya)
- Nish Universiteti (Serbiya)
- Trakiya Universiteti (Turkiya)
- Toshkent kimyo-texnologiya instituti (O‘zbekiston)
Yakuniy muhokamalar natijasida magistratura dasturini keng targ‘ib qilish hamda Bolgariya va Turkiyada ishlab chiqilgan ilg‘or o‘quv rejalari asosida ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mazkur magistratura dasturi maktab o‘qituvchilari hamda tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishidagi universitet bitiruvchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, ular STEM va texnologiya ta’limini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish, shuningdek, innovatsion startap loyihalarni yaratish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, loyiha hamkorlari tomonidan 2027-yilda STEM yo‘nalishida navbatdagi xalqaro ilmiy anjumanni hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.