Yangiliklar
QDUda "Yevropa huquqi" fani xalqaro grant loyihasi doirasida o‘qitilmoqda
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 2025-2028 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan, ERASMUS-JMO-2025-HEI-TCH-RSCH dasturi doirasida moliyalashtirilayotgan "Teaching European Union Law" ("Yevropa Ittifoqi huquqini o‘qitish") xalqaro loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha Yevropa Komissiyasining qaroriga asosan 2025 yil avgust oyida universitet tomonidan qo‘lga kiritilgan bo‘lib, loyihaning ijrosini ta’minlash maqsadida loyihani moliyalashtiruvchi European Education and Culture Executive Agency (EACEA) va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida Grant bitimi imzolangan.

Loyiha doirasida universitetning yuridik fakulteti talabalariga "Yevropa huquqi" fani o‘qitilmoqda. Dars orqali talabalarga Yevropa Ittifoqining huquqiy tizimi, institutlari, huquq manbalari, Yevropa integratsiya jarayonlari va xalqaro huquqning zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha chuqur bilimlar berilmoqda. Fanni o‘qitishda loyiha rahbari A.Gulimov hamda loyiha a’zolari - G.Yuldasheva, R.Azxodjayeva va A.Berdimuratovlar talabalarga yuqori darajada ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar olib bormoqda.

Mazkur xalqaro loyiha universitetda ta’lim sifatini oshirish, yuridik ta’limning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash, talabalarning Yevropa Ittifoqi huquqi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi universitetning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash va zamonaviy yurist kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Batafsil: https://karsu.uz/uz/news/qmuda-evropa-huqiqi-pani-xaliqaraliq-grant-joybari-shenberinde-oqitilmaqta