Yangiliklar
2026-yilda O‘zbekistondan 13 nafar talaba Erasmus Mundus qo‘shma magistratura dasturlariga qabul qilindi!
Yakuniy saralash natijalariga ko‘ra, g‘oliblar safidan 11 nafar qiz va 2 nafar yigit o‘rin oldi. Ularning 7 nafari Erasmus Mundus to‘liq stipendiyasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana 6 nafari o‘qishni o‘z mablag‘lari hisobidan (stipendiyasiz) boshlaydi.
Tanlangan talabalar qabul qilingan dasturlarning birinchi mezbon universitetlari va tashkilotlari quyidagi mamlakatlarda joylashgan:
🇷🇸 Serbiya, 🇮🇹 Italiya, 🇫🇷 Fransiya, 🇮🇪 Irlandiya, 🇫🇮 Finlyandiya, 🇵🇱 Polsha, 🇳🇱 Niderlandiya, 🇵🇹 Portugaliya, 🇨🇿 Chexiya Respublikasi va 🇬🇧 Buyuk Britaniya.
Joriy yilda talabalar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olish uchun tanlab olindi:
- Huquq va gender masalalari (Law and Gender);
- Kvartar davri va ibtidoiy tarix (Quaternary and Prehistory);
- Bolalar adabiyoti (Children’s Literature);
- Media va madaniy tadbirkorlik (Media and Cultural Entrepreneurship);
- Media san’ati uchun ovoz dizayni (Arts in Sound Design for Media Arts);
- Klinik lingvistika (Clinical Linguistics);
- Raqamli davrda madaniyatlararo yetakchilik (InterCultural Leadership in Digital Era);
- Xavfsiz va ishonchli yadro texnologiyalari qo‘llanilishi (Safe and Reliable Nuclear Applications);
- Atrof-muhit barqarorligi va xalqaro hamkorlik uchun muhandislik (Engineering for Environmental Sustainability and International Cooperation);
- hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlar.
Ushbu natijalar O‘zbekiston yoshlarining xalqaro ta’lim maydonidagi faolligi va salohiyati tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etadi. Erasmus Mundus dasturi talabalarga dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olish, xalqaro tajriba orttirish va global professional tarmoqlarga qo‘shilish imkoniyatini yaratmoqda.