Yangiliklar
Oliy ta’limdagi qadriyatlar: global muhokama va tajriba almashinuvi
2–3-iyun kunlari Erasmus+ dasturining SPHERE tashabbusi doirasida “Oliy ta’limdagi qadriyatlar: muammolar, amaliyotlar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Markaziy Osiyo, Sharqiy Hamkorlik mamlakatlari, G‘arbiy Bolqon va Janubiy O‘rta Yer dengizi mintaqalaridan Oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha ekspertlar (HEREs) ishtirok etdi.

Ikki kun davomida ishtirokchilar quyidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar:
- akademik erkinlik va universitetlar avtonomiyasi;
- akademik halollik va etik tamoyillar;
- inklyuzivlik, tenglik va xilma-xillik;
- oliy ta’limda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash;
- xalqaro hamkorlikda qadriyatlarning o‘rni.
Seminar davomida Yevropa va hamkor mamlakatlar ekspertlari oliy ta’lim tizimlarida qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba va ilg‘or amaliyotlar bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, akademik erkinlik va institutsional avtonomiyani monitoring qilish bo‘yicha Yevropa darajasidagi vositalar ham taqdim etildi.

Tadbir ishtirokchilarga oliy ta’lim muassasalarida asosiy qadriyatlarni mustahkamlash, mavjud muammolarni muhokama qilish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.