Yangiliklar
Erasmus+ dasturi imkoniyatlari sessiyasi - Renesans Universitetida
15-yanvar kuni Renessans universitetida O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy ofisi (NEO) loyiha menejeri Mahmudjon O‘tkurov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi universitet professor-o‘qituvchilariga Erasmus+ loyihalariga ariza topshirish tartibi, ishtirok etish shartlari hamda dastur doirasidagi amaliy imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida NEO loyiha menejeri Erasmus+ dasturining quyidagi asosiy yo‘nalishlari haqida keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi:
-
Capacity Building in Higher Education (CBHE) – loyihaning maqsadi, hamkorlik talablari, loyiha tuzilmasi hamda ta’lim dasturlarini modernizatsiya qilish va institut salohiyatini oshirishga qaratilgan raqobatbardosh ariza tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar.
-
International Credit Mobility (ICM) – talabalar, professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar uchun mobillik imkoniyatlari, ariza topshirish jarayoni va institutlararo shartnomalar haqida ma’lumot.
-
Jean Monnet yo‘nalishlari – Yevropa Ittifoqi tadqiqotlari bo‘yicha o‘quv va ilmiy faoliyatni rivojlantirish imkoniyatlari (Modules, Chairs, Centres of Excellence).
-
Erasmus Mundus Joint Masters (EMJM) – talabalar uchun Yevropa universitetlarida qo‘shma magistratura dasturlarida tahsil olish imkonini beruvchi stipendiyalar haqida ma’lumot.
-
Erasmus Mundus Design Measures (EMDM) – yangi yuqori sifatli qo‘shma magistratura dasturlarini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari.
Shuningdek, loyiha ofisi tomonidan Renessans universitetiga turli loyihalarga ariza topshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va Yevropa universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, Erasmus+ — Yevropa Ittifoqining ta’lim, yoshlar va sport sohalarida loyihalar, hamkorlik, tadbirlar va mobillikni qo‘llab-quvvatlovchi dasturidir. Dastur 33 ta ishtirokchi davlat o‘rtasida ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish va moliyalashtirish imkoniyatini yaratadi.