Yangiliklar
Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan “Horizon Europe” doirasida ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-yil 12–13-fevral kunlari Toshkent shahrida “Horizon Europe” dasturiga bagʻishlangan ikki kunlik anjuman boʻlib oʻtmoqda. Ushbu tadbir Yevropa Ittifoqi bilan ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi.

Anjuman “Horizon Europe” boʻyicha Oʻzbekiston milliy aloqa koordinatori tashabbusi bilan Yevropa Komissiyasining Global Service Facility tuzilmasi hamda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi koʻmagida tashkil etildi. Tadbir Toshkent davlat texnika universitetida oʻtkazilib, unda mamlakatning turli hududlaridan 100 dan ortiq olim va tadqiqotchilar, oliy taʼlim muassasalari vakillari, sanoat sohasi mutaxassislari hamda siyosatchilar ishtirok etdi.

Anjumanning birinchi sessiyasi “Horizon Europe” dasturining 2026–2027-yillarga moʻljallangan ish dasturlariga bagʻishlanib, moliyalashtirish ustuvor yoʻnalishlari, tematik klasterlar va xalqaro hamkorlik mexanizmlari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi. Tadbirda taʼkidlanganidek, mazkur dasturda ishtirok etish nafaqat moliyaviy imkoniyatlar, balki Yevropa tadqiqotlar hududiga integratsiyalashuv yoʻlidagi muhim strategik qadam hisoblanadi.
