Yangiliklar
Erasmus+ CBHE 2025 natijalari e'lon qilindi!

2025-yilgi Erasmus+ Oliy ta’limda salohiyatni oshirish (CBHE) tanlovi doirasida moliyalashtirish uchun tanlab olingan 173 ta loyihadan 10 tasi Markaziy Osiyodagi oliy ta’lim muassasalarini (OTM) o‘z ichiga oladi. Ulardan 6 tasi O‘zbekiston ishtirokida bo‘lib, 4 ta loyiha bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi – Grantholder (muvofiqlashtiruvchi) sifatida qatnashmoqda:
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (Erasmus+ CBHE Cyber4CA)
- Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (Erasmus+ CBHE GreenEngine)
- Nukus davlat texnika universiteti (Erasmus+ CBHE MECAS)
- Qo‘qon universiteti (Erasmus+ CBHE GreenCamUz)
Umumiy hisobda, O‘zbekistonning 19 ta OTMlari (Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlaridan) ishtirok etmoqda. Markaziy Osiyo (Region 6) uchun ajratilgan umumiy byudjet taxminan 5,6 million yevroni tashkil etadi. Bundan tashqari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning 11 ta universiteti hamda tegishli vazirliklari ham ushbu loyihalarga jalb qilingan.
O‘zbekistondan 6 ta yangi OTM birinchi bor CBHE loyihalarida ishtirok etmoqda. Ularning 2 tasi davlat, 4 tasi esa xususiy OTMlardir:
- Nukus davlat texnika universiteti
- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
- Toshkent xalqaro universiteti
- Boshqaruv va kelajak texnologiyalari universiteti
- Qo‘qon universiteti
- Yangi Asr universiteti
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (OO‘TV) jami 4 ta loyihada qatnashmoqda, shulardan 2 tasida to‘laqonli hamkor sifatida ishtirok etmoqda. Shuningdek, 7 ta nodavlat tashkilotlar ham O‘zbekistondan ishtirok etmoqda, jumladan vazirliklar, assotsiatsiyalar, korxonalar va ittifoqlar:
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim vazirligi
- Orol va Amudaryo himoyasi ittifoqi
- UNICON.UZ – Ilmiy, texnik va marketing tadqiqotlar markazi
- “INNO TEXNOPARK” MChJ
Loyiha turlari:
- 4 ta mintaqaviy loyiha: qishloq turizmidagi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, Ekoinformatika bo‘yicha magistratura dasturi, Kiberxavfsizlik bo‘yicha innovatsion ta’lim dasturi, Sun’iy intellekt bo‘yicha ilg‘or o‘quv kurslari.
- 1 ta milliy loyiha (Strand 1): Green Deal ustuvorligi doirasida yangi ishtirokchi OTMlarni qo‘llab-quvvatlash (Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit barqarorligi).
- 1 ta transmintaqaviy loyiha: Gruziya va O‘zbekiston universitetlari ishtirokida barqaror “Yashil muhit” uchun ijodiy muhandislikni rivojlantirish.
Loyihalar 10 ta dasturga qo‘shilgan davlatlardan bo‘lgan 18 ta universitet va 3 ta nodavlat tashkilotlar hamkorligida amalga oshiriladi.
Batafsil tanlov natijalari bilan tanishing: https://erasmus-plus.ec.europa.eu/news/173-new-projects-proposed-for-funding-to-support-international-cooperation-in-higher-education