Yangiliklar
Navoiy Davlat Konchilik va Texnologiyalar universitetida Erasmus+ loyihasi takliflarini ishlab chiqish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi
2025-yil 21-yanvar kuni O‘zbekistondagi Milliy Erasmus+ Ofisi, Oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha milliy ekspertlar guruhi (HEREs) va Navoiy konchilik va texnologiyalar davlat universiteti hamkorligida Erasmus+ loyihasi takliflarini ishlab chiqish bo‘yicha axborot va metodik seminar tashkil etildi. Ushbu seminar Erasmus+ dasturlarini oliy ta’lim muassasalariga (OTM) tanishtirishga qaratilgan bo‘lib, Erasmus+ tarmog‘iga yangi qo‘shilganlar va Oliy ta’limda salohiyatni oshirish (CBHE) loyihalariga qiziqish bildirganlar uchun mo‘ljallangan edi. Tadbirda Navoiy va Buxorodagi OTM vakillari hamda yakunlangan va davom etayotgan CBHE loyihalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarni Navoiy konchilik va texnologiyalar davlat universiteti rektori professor Baxtiyor Mardonov ochib berdi. U ishtirokchilarni samimiy qutlab, tashkilotchilar va qatnashchilarga minnatdorlik bildirdi. Tadbirning asosiy spikeri sifatida Milliy Erasmus+ Ofisining loyiha menejerlari Bonu Abdusalomova va Mahmudjon Utkurov, SamISI marketing kafedrasi dotsenti va HEREs guruhi a’zosi Zumrad Usmonova, Navoiy davlat universitetining katta o‘qituvchisi Nodira Rahimova va Navoiy konchilik va texnologiyalar davlat universitetining loyiha koordinatori Iroda Tursunova qatnashdilar. Ular Erasmus+ dasturining foydalari, loyihalarni muvaffaqiyatli ishlab chiqish uchun muhim elementlar hamda O‘zbekistondagi oliy ta’lim sohasidagi so‘nggi tendensiyalar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Seminarda, shuningdek, EMINReM va RUECVET nomli ikki CBHE loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu loyihalar bo‘yicha taqdimotlarni mos ravishda Iroda Tursunova va Nodira Rahimova o‘tkazdilar.
Tadbirda Navoiy konchilik va texnologiyalar davlat universiteti, Navoiy davlat universiteti va Navoiy innovatsiya instituti kabi muassasalarning vakillari faol ishtirok etdilar.
Seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu tadbir Erasmus+ dasturiga muhim va muvaffaqiyatli hissa bo‘ldi.