2015-2020 yillar sayti

Yangiliklar

O’zbekiston va Fransiya oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida davra suhbati o’tkazildi

747
O’zbekiston va Fransiya oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida davra suhbati o’tkazildi

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida joriy yilning 4 noyabr kuni Toshkent shahridagi Fransuz Alyansi binosida O‘zbekiston va Fransiya oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Fransiya va O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fransiya elchixonasi hamda Erasmus+taʼlim dasturi vakillarining nutqi tinglandi.

– Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida oliy va professional taʼlim sohasida hamkorlik kengaymoqda, – dedi Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Loran Oriol. – Bugun tashkil etilgan mazkur tadbir rasmiy tashrifning mantiqiy davomidir. Ikki davlat o‘rtasida taʼlim yo‘nalishida mustahkam hamkorlik bor va bugun ikki tomon oliy taʼlim muassasalari vakillari o‘zaro uchrashib, kelgusi hamkorlik bo‘yicha kelishib olishdi.

Davra suhbatida universitetlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish, akademik almashinuvlarni faollashtirish, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy loyihalar va qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Ikki davlat o‘rtasida turli yillarda imzolangan 27 shartnoma va memorandumlar asosida respublikamizning 18 ta oliy o‘quv yurti bilan Fransiyaning 22 ta taʼlim tashkiloti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonning 9 ta oliy taʼlim muassasasida fransuz tili asosiy til sifatida o‘qitilayotgan bo‘lsa, Respublika miqyosida ushbu tilni birinchi va ikkinchi xorijiy til sifatida 15 mingdan ortiq talaba-yoshlar o‘rganmoqda.

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti prorektori Abdurahim Nosirov Fransiyaning Versal akademiyasi, Cergy-Pontoise universtiteti kabi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkor loyihalar ustida ishlar olib borilayotgani haqida aytib o‘tdi. – O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining Fransiya oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorligi ortidan talabalar mobilligi, o‘qituvchilarning malaka oshirish imkoniyatlari keng yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ham universitetimizda Fransiyadan kelgan o‘qituvchilar fransuz tilida dars berishi ahamiyatlidir. Bugungi tadbirda hamkorligimiz yana-da kengayshi ustida kelishuvlarga erishdik, – dedi A.Nosirov.

Aytib o‘tish kerakki, respublika bo‘yicha jami 15 mingdan ortiq talaba fransuz tilini chet tili sifatida o‘rganmoqda. Fransuz tili nemis tili bilan bir qatorda respublikamiz taʼlim muassasalarida o‘qitiladigan ikkinchi til (ingliz tilidan keyin) hisoblanadi. Davra suhbatida bu borada aloqalarni yana-da mustahkamlashga erishildi.

 

 

Manba: Axborot xizmati

Key Action 1: Learning Mobility of Individuals

Key Action 2: Cooperation among organisations and institutions

Key Action 3

Jean Monnet Actions

Bizning hamkorlarimiz