Yangiliklar
Xorazm viloyatida Erasmus+ dasturi imkoniyatlariga bag‘ishlangan axborot seminari bo‘lib o‘tdi
2026-yil 12-oktabr kuni Xorazm viloyatining Urganch shahridagi RANCH universitetida Erasmus+ dasturi imkoniyatlariga bag‘ishlangan axborot seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida talabalar va oliy ta’lim muassasalari xodimlariga Erasmus+ dasturi doirasidagi xalqaro grantlar, akademik mobillik imkoniyatlari, loyihalarda ishtirok etish mezonlari hamda ariza topshirish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Yevropada ta’lim olish imkoniyatlarini targ‘ib qiluvchi Study in Europe tashabbusiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir RANCH universitetining tadqiqotlar, innovatsiyalar, texnologiyalar transferi va global hamkorlik bo‘yicha prorektori Zafar Ibragimov hamda O‘zbekistondagi Milliy Erasmus+ ofisi loyiha menejeri Mahmudjon O‘tkurovning kirish va tabrik so‘zlari bilan boshlandi.

Seminar davomida Mahmudjon O‘tkurov Erasmus+ dasturining O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun mavjud imkoniyatlari, jumladan, Xalqaro kredit mobilligi (ICM), Oliy ta’limda salohiyatni oshirish (CBHE) va Jean Monnet faoliyatlari haqida taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Horizon Europe dasturi doirasidagi Marie Skłodowska-Curie Actions imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi.
Al-Xorazmiy universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Nafisa Erimmetova Erasmus+ CBHE dasturi doirasida amalga oshirilgan QUARTZ, I2-PLEDGE va INMACOM loyihalarining natijalari, shuningdek, WASTE-UZ loyihasidan kutilayotgan natijalar haqida ma’ruza qildi.
Urganch RANCH texnologiya universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘limi mutaxassisi Asadbek Matkurbonov Erasmus+ Xalqaro kredit mobilligi (ICM) dasturida ishtirok etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Seminarning keyingi qismida O‘zbekistondagi Milliy Erasmus+ ofisi loyiha menejeri Xumora Yunusxo‘jayeva Erasmus Mundus dasturlari hamda Xalqaro kredit mobilligi (ICM) imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. Unda Yevropa universitetlarida ta’lim olish, xalqaro akademik mobillikda qatnashish va Erasmus Mundus dasturlaridan foydalanish imkoniyatlari yoritildi.
Shuningdek, RANCH universiteti Raqamli texnologiyalar kafedrasi dotsenti Otabek Xo‘jayev Erasmus+ CBHE QUARTZ loyihasi doirasida erishilgan natijalarni taqdim etdi.

Tadbir yakunida savol-javob sessiyasi tashkil etilib, ishtirokchilar Erasmus+ dasturida qatnashish, xalqaro grantlar va akademik mobillik imkoniyatlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Mazkur axborot seminari Xorazm viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari vakillari va talabalarining Erasmus+ dasturi haqidagi bilimlarini kengaytirish, xalqaro ta’lim imkoniyatlaridan foydalanishni rag‘batlantirish hamda Erasmus+ loyihalari doirasida erishilgan natijalar va tajribalarni ommalashtirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.