Yangiliklar
O‘zbekistonlik g'olib talabalari uchun Yevropaga ketishdan avvalgi tayyorgarlik uchrashuvi - PDO 2026
Joriy yilning 1-iyul kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi hamda O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy Ofisi hamkorligida 2026/2027 akademik o'quv yillar uchun Erasmus Mundus Qo‘shma Magistratura (Erasmus Mundus Joint Masters) dasturining O‘zbekistonlik g'olib talabalari uchun Yevropaga ketishdan avvalgi tayyorgarlik uchrashuvi (Pre-departure Orientation meeting) tashkil etildi.
Tadbirni tashkil etishdan maqsad:
- EMJM dasturi g‘oliblarini Yevropa mamlakatlaridagi hayotga akademik, madaniy va amaliy o‘tishga tayyorlash.
- Universitet tizimlari, madaniyatlararo muloqot va moslashish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi vakillari, bitiruvchilar va treinerlardan yo‘l-yo‘riq olish.
- Erasmus+ bitiruvchilar jamiyati va Yevropa qadriyatlari bilan bog‘liqlik va tegishlilik hissiyotini rivojlantirish.

Batafsil:
Tadbir Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasining O‘zbekistondagi Elchisi - Toivo Klaar Janobi Oliylari tomonidan Yevropa Ittifoqi-O‘zbekiston akademik hamkorligining mustahkamligini aks ettiruvchi kirish so'zi bilan boshlandi.
Shuningdek tadbirda O‘zbekistondagi UNESCO ofisi rahbari va UNESCOning O’zbekistondagi vakili, Erasmus Mundus bitiruvchisi, Sara Noshadi xonim talabalarga ilm yo'lidagi mashaqqatning o'z misolida keltirilgan ruhlantiruvchi nutqi bilan samimiy tilaklarini izhor etdi.

Kirish va qutlov so'zlari O‘zbekistondagi Milliy Erasmus+ Ofisi koordinatori Aziza Abduraxmanovaning samimiy tilaklari va talabalar uchun muhim maslahatlari bilan yakunlandi.
Tadbir davomida Fransiya va Chexiya Respublikasining O'zbekistondagi elchixonalari vakillari hamda Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari o'rinbosari dasturning O'zbekistondan g'oliblariga Yevropa mamlakatlarida yashash va o‘qish bo‘yicha amaliy maslahatlar berdilar.
Erasmus Mundus Uyushmasining (Erasmus Mundus Association -EMA) O‘zbekistondan mamlakat vakili, EMJM CYBERUS dasturi bitiruvchisi, Azizbek Ganiev, ishtirokida onlayn tarzda EMA bilan qisqacha tanishtirish va Erasmus Mundus Qo’shma Magistraturadan keyingi karyera imkoniyatlari bo‘yicha amaliy maslahatlar taqdim etildi.
Kunning yana bir e'tiborga sazovor tomoni - EMJM dasturining bitiruvchilari Saidaxon Gulomova, Koen Claessen va Hayotullo Ismailovlar tomonidan Yevropada akademik va madaniy hayot, bitiruvdan keyingi hayot va karyera imkoniyatlari to'g'risida foydali ma’lumotlar va kerakli maslahatlar, hamda fikr almashinuvi bo'ldi.
Tadbir uchun taklif etilgan trener, Uchqun Normamatov, tomonidan interfaol seminar o'tkazildi. Bunda talabalar Erasmus Mundus qo‘shma magistratura dasturidan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy strategiyalarni o‘rgandilar. Jumladan, ular xorijda o‘qish va yashashga moslashish, akademik jihatdan muvaffaqiyatga erishish hamda Yevropadagi kundalik hayotni to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha foydali tavsiyalar oldilar.
.jpg)
Ma'lumot uchun:
Jami O’zbekistondan 11 qiz va 2 yigitdan iborat 13 nafar talaba 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Erasmus Mundus qo‘shma magistratura dasturlarida tahsil olish uchun tanlab olindi. Tanlab olingan talabalar quyidagi keng ko’lamli yo‘nalishlarda tahsil olish imkoniga ega bo’ladilar: huquq va gender; global bifurikatsiya sharoitida iqtisodiy siyosat; to’rtlamchi davr va tarixgacha bo’lgan davr; bolalar adabiyoti, media va madaniy tadbirkorlik; media san’ati uchun ovoz dizayni san’ati; klinik lingvistika; raqamli davrda madaniyatlararo yetakchilik; barqaror aeronavtika amaliyotlari; huquq va iqtisodiyot; Atrof-muhit barqarorligi va xalqaro hamkorlik uchun muhandislik; yadro texnologiyalarining xavfsiz va ishonchli qo‘llanilishi; Yevropa siyosati va jamiyati.