Yangiliklar
Erasmus+ CBHE - ECAMPUZ yakuniy tabdiri
Joriy yilning 3-5 Noyabr kunlari Buxoroda Erasmus+ CBHE - ECAMPUZ yakuniy tabdiri bo'lib o'tdi.
3-noyabr, 2025 yil - Oziq-ovqat sanoati kuni
Anjumanning birinchi kuni O'zbekistondagi oziq-ovqat sanoati vakillari hamda O'zbekistonda va Yevropa Ittifoqida faoliyat olib boraytotgan yetuk olimlar, mutaxassislar, professor-o'qituvchilar , yosh tadqiqotchilar va talabalar o'rtasida hamkorlikka bag'ishlandi. Anjuman O'zbekistondagi turli oziq-ovqat korxonalarining ko'rgazmasi bilan boshlanib, bunda har bir korxona vakili ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini namoyish etish, ishlab chiqarish korxonasi haqida ma'lumot berish hamda yosh kadrlarga korxonada ishlash imkoniyatlari haqida ma'lumot berish imkoniyatiga ega bo'ldi. Kun yakunida ECAMPUZ loyihasining "train-the-trainer" dasturi doirasida Kopengagen Universiteti (Daniya) va Estremadura Universiteti (Ispaniya)da 3 oygacha malaka oshirgan O'zbekistonlik yosh olimlar, o'qituvchilar va tayanch doktorantura talabalari oziq-ovqat korxonalari xodimlari uchun ishlab chiqilgan "Oziq-ovqat fanlari va texnologiyasi bo'yicha ilg'or mavzular klasteri"ni taqdim etdilar.
4-noyabr, 2025 yil — “The First Silk Road Conference on Food Science & Foodomics” xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumani ochilish kuni
Tadbir Kopengagen Universiteti (Daniya) professori Søren Balling Engelsen, Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova, Oʻzbekistondagi Erasmus+ Milliy ofisi koordinatori Aziza Abduraxmanova hamda ECAMPUZ loyihasi koordinatorlari dots. Bekzod Xakimov (Kopengagen Universiteti, Daniya) va prof. Zebo Babaxanova (Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Oʻzbekiston)ning tabrik nutqlari bilan boshlandi.
Kun davomida xalqaro miqyosdagi yetuk olimlar tomonidan turli dolzarb mavzularda ma’ruzalar taqdim etildi:
Prof. Dennis Sandris Nielsen (Kopengagen Universiteti, Daniya) — “Murakkab fag jamoalari ichak (IM) muvozanatini nazorat qilishi va ichak mikroflorasi muvozanatini tiklashning kaliti bo‘lishi mumkin”;
Prof. Martin Holle (Gamburg amaliy fanlar universiteti, Germaniya) — “Yevropa Ittifoqi oziq-ovqat bozoriga yo‘l: import va yangi oziq-ovqatlar”;
Prof. Sara R. Jaeger (Aarhus Universiteti, Daniya) — “Sensor va iste’molchi fanlari nima?”;
Prof. Jose Manuel Amigo (Basklar davlati universiteti, Ispaniya) — “Marsdan nanoplastikagacha: sun’iy intellekt bilan birgalikda giperspektral va multispektral tasvirlash”.
Ilmiy sessiyalar og‘zaki taqdimotlar va qisqa tezkor chiqishlardan iborat bo‘lib, oziq-ovqat xavfsizligi, yashil oziq-ovqat yo‘nalishiga o‘tish, oziq-ovqat texnologiyasi va fudomika mavzularini qamrab oldi.
Poster sessiyalari va kofe tanaffuslari davomida ishtirokchilar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlab, ECAMPUZ loyihasi doirasida xalqaro ilmiy aloqalarni yanada kengaytirdilar.
Ochilish kuni:
Sana: 4-noyabr, 2025
Vaqt: 09:00 – 17:00

5-noyabr, 2025 yil — “The First Silk Road Conference on Food Science & Foodomics” xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumani yakuniy kuni
Konferensiyaning ikkinchi kuni fudomika va oziq-ovqat texnologiyasi yo‘nalishlariga bag‘ishlandi. Tadbir Yevropa va O‘zbekiston olimlarini, shuningdek yosh tadqiqotchilarni birlashtirdi.
Kun Ispaniyaning Ekstremadura universiteti professori Mario Estevez Garcíaning “Yuqumli bo‘lmagan surunkali kasalliklarning sabablari sifatida ultra qayta ishlangan oziq-ovqatlar: patofiziologik mexanizmlar” mavzusidagi asosiy ma’ruzasi bilan boshlandi.
Yosh o‘zbek olimlari va talabalar tomonidan vitaminlar tahlili, oziq-ovqat texnologiyalarida inkapsulyatsiya, fermentativ qayta ishlash va boshqa zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Kun yakunida o‘tkazilgan taqdirlash marosimi doirasida “Eng yaxshi ma’ruza”, “Eng innovatsion tadqiqot”, “Eng yaxshi poster”, “Yosh olim” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandilar.
Muhim yangilik sifatida MDPI “Foods” jurnalida (Impact Factor 5.1) “Status of Food Science and Nutrition in Uzbekistan” maxsus soniga maqolalar qabuli e’lon qilindi. Tadqiqotchilar oziq-ovqat fanining turli yo‘nalishlarida maqolalar yuborishlari mumkin. Taklif etilgan taqrizchilar (guest editors) Associate Professor Bekzod Khakimov (Kopengagen Universiteti, Daniya) va Professor Dilbar Dalimova (Ilg‘or texnologiyalar markazi, O‘zbekiston) tomonidan yuqori sifatdagi original tadqiqotlar uchun yirik chegirmalar taklif etilmoqda.
Maqolalar quyidagi yo‘nalishlarda qabul qilinadi:
– Oziq-ovqatni qayta ishlash
– Xomashyo va ingrediyentlar
– Oziq-ovqat mikrobiologiyasi
– Sensor (ta’m) tahlil
– Dieta–mikrobiota o‘zaro ta’siri
– Inson oziqlanishi (human nutrition)
– Metabolomika va fudomika
Maqola topshirish jarayoni ochiq. Barcha maqolalar MDPI “Foods” jurnalining rasmiy saytida onlayn tarzda yuboriladi:
https://www.mdpi.com/journal/foods/special_issues/B81YJ76OA6
Tadbir yakunida “O‘zbekiston oziq-ovqat fanlari va texnologiyalari jamiyati” tashkil etilishi e’lon qilinib, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan barcha olimlar, tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari hamda O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati vakillari a’zolikka taklif etildi.
Yakuniy kun:
Sana: 5-noyabr, 2025
Vaqt: 09:00 – 13:00