Yangiliklar
INNO texnoparkida Erasmus+ doirasidagi “GreenEngine” xalqaro loyihasining taqdimoti o‘tkazildi
17-noyabr kuni INNO innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida Erasmus+ dasturi doirasidagi “GreenEngine” xalqaro loyihasining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish qismida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov so‘zga chiqib, loyihaning milliy ta’lim tizimidagi ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, loyiha Erasmus+ dasturining CBHE yo‘nalishi doirasida amalga oshiriladi va 2025–2028-yillar davomida O‘zbekiston, Gruziya, Italiya, Gretsiya va Turkiyadan bo‘lgan 11 ta tashkilot hamkorligini qamrab oladi.

“GreenEngine” loyihasi doirasida zamonaviy muhandislik ta’limi modelini yaratish, yashil texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish, STEAM yondashuvini rivojlantirish hamda xalqaro talablar asosida muhandislik ta’lim dasturlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Tadbir yakunida xalqaro loyiha ishtirokchilari INNO texnoparkining laboratoriyalari, ishlab chiqarish zonalari va amaliy ta’lim maydonchalarini ko‘zdan kechirdi hamda universitet–texnopark–sanoat integratsiyasi bo‘yicha to‘plangan tajribani yuqori baholadi.