Yangiliklar
"MechaUz" loyihasining oltinchi PPM uchrashuvi
Joriy yilning 19-23-iyun kunlari Latviyada Erasmus+ CBHE MechaUz loyihasining oltinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Bu safar Latviyaning Vidzeme amaliy fanlar universiteti va Liepaja universiteti tadbirning yig'ilishi va kun tartibiga mezbonlik qildi.
Kun tartibiga ko‘ra, tadbirning birinchi kuni Riga texnika universitetida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv loyiha koordinatori Tomas Tomidisning tabrik nutqi bilan boshlandi. Yig‘ilishda erishilgan natijalarni tahlil qilish, mexatronika va robototexnika sohasini barqaror rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, tashkil etilgan dasturni akkreditatsiyadan o‘tkazish, O‘zbekistondagi har bir hamkor oliy o‘quv yurtlari tomonidan tashkil etilgan kurslar taqdimoti, hamkorlikning yangi sxemasini ishlab chiqish va tarqatish faoliyatining umumiy ko'rinishi va keyingi harakatlar, shuningdek, loyiha faoliyatining moliyaviy xulosasi kabi yakuniy masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning ikkinchi kuni barcha hamkorlar Valmiera shahridagi Vidzeme amaliy fanlar universitetiga borishdi, u yerda mezbon universitet vakillari mehmonlarni universitet infratuzilmasi va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishtirdilar. Keyinroq Valmieraning rivojlanish agentligi va “Dare” makerspaysiga tashrif uyushtirilib, unda loyiha hamkorlari o‘z vakillari bilan yosh avlodni ilmiy faoliyatga jalb qilish va uni innovatsion amaliyotga aylantirish bo‘yicha muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Kunning oxirida barcha hamkorlar Valmiera shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurishdi.
Tadbirning uchinchi kunida barcha loyiha hamkorlari Liepaja shahriga sayohat qilishdi, u yerda tadbir ishtirokchilari Liepaja universitetining tuzilishi, uning infratuzilmasi va o‘qitish usullari bilan tanishish sharafiga muyassar bo‘ldilar. Oʻsha kuniyoq sanoatning turli tarmoqlarini avtomatlashtirish tizimlariga ixtisoslashgan “AE Partner” korxonasiga ekskursiya tashkil etildi. Tadbir Liepaja universiteti tomonidan tashkil etilgan xayrlashuv kechki ovqati bilan yakunlandi.
Tadbir davomida loyihaning yakuniy konferensiyasi joriy yilning 3-7 oktyabr kunlari O‘zbekistonda, Andijon mashinasozlik instituti va Farg‘ona politexnika institutida o‘tkazilishi belgilandi.